Zira.uz va Yandex Lavka blogerlar Shahzoda Ataqulova (@mama.doda), Ruxsora Mirjalilova (@rukhsoraemm) va Kamoliddin Qahhorovning (komolqohhorov) uyida mehmon bo‘ldi. Birgalikda ularning oilasida Navro‘zning asosiy posboni kimligini va o‘zbekistonliklarning turli avlod vakillari bahorni qanday kutib olishi haqida qiziqdik.
O‘zbekiston shaharlari qishki uyqudan uyg‘onmoqda. Musaffo havo dimog‘ni chog‘ qiladi, atrofda qushlarning sho‘x xonishi jaranglaydi. Bahor o‘zining baxmal tafti bilan shaharliklarni isitadi. Toshkent ariqlarida yana suv oqmoqda.
bloger, Doda Digital blogerlik agentligi asoschisi, inflyuyenser
Suvning shildirashi Shahzoda Ataqulovaning bobosi Solijon bobo qalbida o‘z ona shahriga nisbatan sog‘inch uyg‘otadi.
U qariyb 80 yoshda, Samarqandning Chashma soyi bo‘yida o‘sgan. Odamlar undan suv ichishgani uchun onasi doim suvni ifloslantirmaslikni tayinlardi. Oilada katta farzand bo‘lgani uchun yoshligidan ro‘zg‘or ishlarida va tomorqada ota-onasiga ko‘makchi edi, chunki u yillarda oziq-ovqat tanqis bo‘lgan. Ammo Navro‘z to‘kin dasturxondan darak berardi.
“O‘shanda shirinliklar juda kam edi. Moskvadan sovg‘a sifatida bir hovuch shokolad konfet olib kelishardi. Biz ularni yeb qo‘yardik-da, so‘ng konfet qog‘ozlariga avvalgi shaklini berib qo‘yardik.
МамаOnam tokchadan konfetdonni oliboq, kimdir unda allaqachon „ish ko‘rsatganini“ darrov tushunardi”, — deb eslaydi u.
“Navro‘zda doim turli xil taom: palov, ko‘katli, qovoqli, no‘xatli bichak va sho‘rva tayyorlardik. Dasturxonda mevalar ko‘p bo‘lardi. O‘shanda muzlatgichlar bo‘lmasa-da, o‘tgan yilgi hosilni saqlashni bilardik. Ichimliklardan turshakob qaynatardik. Sumalakni esa mahalla bo‘lib pishirardik. Qo‘shnilar mahsulotlarni o‘rtada yig‘ib, keyin tayyor bo‘lgan sumalakni bo‘lishib olishardi”.
Solijon bobo va uning turmush o‘rtog‘i Shohista buvining ota-onalari oilasida Navro‘z boshqa bayramlardan doim ustun bo‘lgan.
Shohista buvining onasi samarqandlik mashhur tikuvchi va kashtachi edi. Navro‘z bayramida har doim oilasiga yangi liboslar tikib bergan. Bolakaylar ham ota-onasini sovg‘alar bilan xursand qilishga urinishardi. “Bunisini buvimga, bunisini esa oyimga beraman”, deb ro‘molcha va boshqa sovg‘alarni yashirib qo‘yishardi”, — deb eslaydi Solijon bobo.
Katta avlod bolalarni yangi kiyimlarga kiyintirish an’anasini o‘z farzandlari va nabiralariga meros qilib qoldirgan. Avvaliga Shohista buvi Shahzoda va boshqa nabiralariga Navro‘zga xon atlasdan ko‘ylaklar tikib berardi. Endi Shahzodaning o‘zi bahorgi tengkunlik sharafiga farzandlariga adras ko‘ylaklar tanlayapti.
“Bu ularga ham, menga ham yoqadi”, — deydi u egizaklari va to‘ng‘ichi Yasmin haqida.
Oilada bayramlarni Solijon boboning palovi bilan nishonlash odat tusiga kirgan. Uning retsepti “firmenniy” va parhezbop deb ataladi: guruchlarning dona-dona bo‘lib pishishi ko‘p yog‘ tufayli emas, balki suvning to‘g‘ri me’yori va mevali daraxt shoxidan yasalgan “sehrli tayoqcha” sabablidir. Bobo guruch yuzasida teshikchalar ochish uchun aynan shu tayoqchadan foydalanadi. “Agar kapgir ishlatsangiz, teshiklar katta bo‘lib ketadi, ko‘p ham ocha olmaysiz, „Garri Potter tayoqchasi“ bilan esa boshqa gap”, — deya hazil qiladi Shahzoda. Bobosi bugun nevarasiga birinchi bor palov pishirishni o‘rgatmoqda.
U bilan birga Shohista opaning bog‘idan rayhon qo‘shib tayyorlangan bahor salati tortiladi. Uning bog‘ida rayhon doim bo‘lgan. Ota-onalari unga va turmush o‘rtog‘iga tabiatga bo‘lgan mehr-muhabbatni meros qildirib qoldirishgan. Navro‘z ana shu merosning bir qismi edi. Solijon boboning otasi o‘g‘illariga bayramga qo‘zichoq sovg‘a qilardi, toki bolalar ularni parvarishlab, “tabiatga bo‘lgan mehrini jonivorlarga ham ulashsin”.
“Yerni avaylash, undan isrofgarchilik bilan emas, me’yorida foydalanish kerak. Inson qaysi kasbni egallashidan qat’i nazar, shu kasb orqali yerga mehr bilan munosabatda bo‘lishi kerak.
Bu bizning an’analarimiz, ming yillik Navro‘z an’analarimizdir. Aytishlaricha, Amir Temur o‘z maslahatchilaridan poytaxtni qayerga qurishni so‘raganida, „Qayerdaki yerga tushgan don bir haftada unib chiqsa, o‘sha yerga“, deb javob bergan ekanlar. Shu tariqa Samarqand, keyin esa qadriyatlarimizni o‘zida aks ettirgan Samarqand palov paydo bo‘lgan”.
xonanda, qo‘shiqlar muallifi, inflyuyenser va bloger
Ruxsora Mirjalilova oilasining bayram dasturxoniga tayyorgarlik ko‘rayotgani hovlidan ham eshitiladi. Bu xonadonning barcha ayollari xushovoz — garchi Farida buvi poytaxtdagi oliygohlardan birida dotsent, onasi Nilufar opa esa biolog-texnolog bo‘lib, chetdan keltiriladigan o‘simliklarni turli kasalliklarga tekshirsa-da, qo‘shiq kuylashni xush ko‘rishadi. Uy bekalari xamir yoyish asnosida “Alisa”ning o‘zbekcha pleylistiga — Konsta, Munisa Rizayeva va Botir Zokirov ijodiga jo‘r bo‘lishadi.
Oila Navro‘zni uning zamonaviy qiyofasida yaxshi ko‘radi. Farida buvining bolaligida bahorgi tengkunlik oddiy kun sifatida qabul qilingan. U olimlar oilasida, mehnatkash va erkin ayollar orasida o‘sgan.
“Bizni erkin ruhda tarbiyalashgan. Onam juda chiroyli o‘zbek ayoli bo‘lib, o‘sha paytda odat bo‘lmasa-da, bo‘yanishdan tortinmasdi. Menga o‘qish va ishlashni taqiqlashmadi. To‘ng‘ich farzandim tug‘ilganidan 8 oy o‘tib, meni ishga chaqirishdi. Buvim, agar ishga qaytishni istasam, o‘g‘limga qarab turishlarini aytganlar”.
SSSR parchalanib ketgach, Navro‘z dam olish kuni bo‘ldi. Xadra maydonida sayllar, Mustaqillik maydonida shodiyonalar boshlandi, qizlar dala lolalarini terishga chiqardi. Yillar o‘tgan sayin bayram ko‘lami kengayib bordi.
Bayram dasturxoniga go‘sht va piyoz bilan qovurilgan dumba — jizza tayyorlanadi, chunki Nilufar opa go‘shtli taomlar tayyorlashda mohir. Oilada erkaklar bayramga tayyorgarlik ko‘rishda faol ishtirok etadi. Bu yerda ayollarni qo‘llab-quvvatlash odatiy hol, shuning uchun erkaklar dam olishga ketib qolishmaydi. Aksincha, ular ro‘yxat bo‘yicha mahsulotlar olib kelishadi yoki buyurtma berishadi, oshxonada qarashishadi, dasturxon yozishadi va idishlarni yuvishda yordamlashishadi.
Dasturxon an’anaviy ravishda boboning duosi bilan tugaydi. Ruxsoraning aytishicha, har bir kechki ovqatda hammaga yaxshi tilaklar tilangani bois, Navro‘zda alohida niyat qilinmaydi.
“Duoning so‘ngida „Jahon superyulduziga aylanay!“ deb qo‘shib qo‘yaman. Bobom esa „Jahon superyulduzi bo‘lgin! Omin!“, deb takrorlaydilar”.
U barvaqt kechki ovqatdan so‘ng tez-tez konsertlarga borib turadi. Hatto bayram kunlari ham. Bugun tushlik, lekin Ruxsoraning ish kuni bor: Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxonada chiqish qiladi. Grim, yorqin liboslar, sofitlar nuri.
Ko‘p o‘tmay, maydonchaga kiraverishda yosh tomoshabinlar to‘planadi: bashang kiyingan, qo‘llarida sovg‘alar va gullar bilan toshkentliklarning sevimli joyi — Anhor sohili bo‘ylab sayrdan qaytishmoqda.
Kechga yaqin shaharliklar ommaviy sayrga chiqadi. Poytaxt markazidagi Xalqlar do‘stligi maydonida o‘tgan yilning mart oyida dor yo‘li o‘rnatilgandi. Endi kunlar isishi bilan bu yerda dorbozlar shousini tomosha qilish uchun odamlar yana to‘plana boshlaydi.
bloger, vloger
Kamoliddin Qahhorovning onasi Matluba opaning xotirlashicha, havo biroz ilishi bilan san’atkorlar shaharlarni to‘ldirib yuborardi. Ilgari ular ko‘p qavatli uylar hovlisiga sahna o‘rnatib, mahallama-mahalla yurgan. Bayram xotiralari Matluba opaning yuzida aks etadi: u go‘yo yosharib borayotgandek edi.
“Bahor kelishi bilan yoshlikning eng jo‘shqin damlari yodga tushadi. Biz sirkchilarni ko‘rgani borardik, otamdan pul olardik va har bir harakat uchun boshlovchining qalpog‘iga tanga tashlardik. Navro‘zda butun mahalla bo‘lib daraxt ekardik. Biz bolalarga juda qiziq edi: Bu sening ko‘chating, bu esa — meniki”, — deb eslaydi u. “O‘shanda har ikki pod’ezdga bitta qozondan sumalak solinar, bug‘doy undirilib, go‘sht qiymalagichdan chiqarilardi.
O‘choqqa o‘t yoqqanimizda uning hidi ikki mahalla nariga taralardi. Niyat qilib, bir-birimizning yuzimizga sumalak surtardik. Doira — childirma chalishni yaxshi ko‘rardim. Tongga yaqin qozonning qopqog‘i yopilgach, baland ovozda qo‘shiq aytib, qo‘shnilarni chaqirib, sumalak tayyor, deb uyg‘otardim”.
Matluba opaning o‘tmishga bo‘lgan sog‘inchi bugungi bayram an’analaridan ham birdek quvonishiga xalal bermaydi.
“Esimda, Kamoliddin Navro‘z bayrami munosabati bilan maktab spektaklida Alisher Navoiy rolini o‘ynagan edi. O‘shanda juda faxrlanganman. Farzandi sahnaga chiqsa, ota-onaning ko‘ngli tog‘dek ko‘tariladi. Bolaligimda menga bunday rollarni ijro etish nasib qilmagan”, — deydi u afsuslarsiz.
Kamoliddin Navro‘zni taomlar bayrami sifatida qabul qiladi. Hozir ham shunday. “Biz, o‘zbeklar uchun har qanday bayram taom bilan bog‘liq”, — deydi u. Sinfdoshlari maktab tadbirlariga turli tansiq taomlar olib kelishar, u bo‘lsa, oilasining Navro‘zdagi asosiy taomi — uy somsasini olib borardi.
“Umuman olganda, oshxona ishlariga yo‘qman. Yordamim yuz foizdan bor-yo‘g‘i bir foiz, xolos. Ochig‘ini aytsam, bu men uchun ancha qiyin”, — deydi u. “Mening vazifam — ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlash va mahsulotlarni vaqtida yetkazib berish. Navro‘zda asosiy beka — onamiz, chunki barcha shirinliklar u kishining sehrli qo‘llari mahsulidir”.
Bu yilgi bayram o‘zgacha: Navro‘z muborak Ramazon oyining tugash kuniga to‘g‘ri keldi. Matluba opa ko‘k somsadan tashqari, ko‘k chuchvara ham pishiradi. Ayniqsa, ismaloqli qiymasining ifori va mayin tuzilishi uchun uni yaxshi ko‘radi. Garchi bu taomlarning tayyorini sotib olish mumkin bo‘lsa-da, Qahhorovlar oilasida qadrdon ta’mdan bahramand bo‘lish uchun ularni o‘zlari tayyorlashadi.
“Hozir hamma narsa osonlashgan, istalgan narsaga buyurtma berish mumkin. Hamma soha rivojlanyapti va bu yaxshi. Chuchvara yegingiz kelsa, tugmachani bossangiz — oziq-ovqatlarni ham, sumalakni ham yetkazib berishadi.
Bugun sumalakni ham uyda pishirishmaydi-ku? Bizning dasturxonimizda u, albatta, bo‘ladi. Sumalakni qoshiq bilan emas, balki barmoq bilan yeyish kerak — shunda mazasi boshqacha bo‘ladi”, — deydi Matluba opa.
Bayram dasturxoni atrofida butun oila yig‘iladi, qo‘ni-qo‘shnilarga noz-ne’matlar ulashiladi, qarindosh va yaqinlar yo‘qlanadi. Kamoliddin do‘stlari bilan uchrashadi yoki istirohat bog‘iga boradi. Bu unda bolalikdan qolgan odat.
U uydan chiqib, bayram shukuhi kezib yurgan joylarga — qozonlarda sumalak quyosh nurida jilolangan, halim qaynayotgan, hunarmandlar o‘z qo‘l mehnatlari bilan saf tortgan, dorbozlar samoni, karnay sadolari va ansambllar ijrosi esa havoni zabt etgan maskanlarga oshiqadi.